
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan joriy yilning 29-30 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Davlat rahbari Anqara shahrida tashkil etiladigan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi oliy darajadagi sammitida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Mazkur nufuzli siyosiy anjuman turkiy dunyo integratsiyasini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish hamda mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif dasturiga muvofiq, sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamda transport-logistika sohalaridagi sheriklikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqadilar.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashiladi. O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur tadbirdagi ishtiroki mamlakatimizning turkiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish borasidagi qat’iy siyosiy irodasini namoyon etadi.
Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan hujjatlar ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.






Izohlar
0