Mirziyoyev Farg'onadagi zamonaviy IT-park majmuasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Farg'ona shahrida yangi barpo etilgan IT-park majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko'ra, mazkur ob'ekt Prezidentning 2024 yil avgust oyidagi topshiriqlari asosida qisqa vaqt ichida foydalanishga topshirildi. Loyihani amalga oshirish uchun budjetdan 150 mlrd so'm mablag' ajratilgan bo'lib, natijada ko'p funksiyali texnologik markaz qad ko'tardi.
Ushbu majmua bir vaqtning o'zida 200 nafar mutaxassisni qabul qilish quvvatiga ega. Markazda har yili 3 mingdan ortiq yoshlarga axborot texnologiyalari bo'yicha ta'lim berish va ularni amaliy loyihalarga jalb qilish ko'zda tutilgan.
Bino ichida frilanserlar uchun kovorking maydonlari hamda rezident kompaniyalar uchun jihozlangan ofislar mavjud. Tizim ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlab, yoshlarning daromadli kasb egallashiga sharoit yaratadi.
Farg'ona viloyatida so'nggi yillarda IT xizmatlari hajmi 4 barobarga o'sib, eksport ko'rsatkichi 23 mln dollardan oshdi. Hozirda hududda 139 ta rezident korxona faoliyat yuritmoqda.
2025 yilda viloyatda 22,7 mln dollarlik raqamli xizmatlar eksport qilingan. Yangi majmua ishga tushishi bilan rezidentlar sonini 200 taga, ish o'rinlarini 700 taga, eksport hajmini esa 30 mln dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Kelgusida majmua tarkibida sun'iy intellekt markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yerda grafik dizayn, dasturlash va ingliz tili kurslari yo'lga qo'yiladi.
Startap loyihalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida venchur moliyalashtirish va grant dasturlari joriy etiladi. Tashrif yakunida Mirziyoyev soha vakillari bo'lgan yoshlar bilan muloqot qilib, ularning yangi g'oyalarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.