
Dibala: «Terma jamoaga kirish qiyin bo'ladi» «Roma» hujumchisi Paulo Dibala Argentina terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Tajribali forvard «albiseleste» qaydnomasidan joy olish oson kechmasligini yaxshi anglamoqda. Dibala o'z oldiga qo'yilgan maqsadlar va terma jamoaga qaytish shartlari haqida to'xtalib o'tdi.
Uning so'zlariga ko'ra, xalqaro maydonga qaytish uchun, avvalo, klub miqyosida barqaror o'yin ko'rsatishi zarur. «Milliy terma jamoaga kirish qiyin bo'ladi.
Menga o'z ritmimni topish va klubda barqarorlikni saqlab qolish kerak. Ha, mening maqsadim – Jahon chempionatida o'ynash, lekin bunga erishish uchun birinchi navbatda klub safida yaxshi sport formasida bo'lishim shart.
Jarohatlar sababli Argentina terma jamoasining bir nechta yig'inini o'tkazib yubordim. Argentina kabi jamoada esa to'xtab qolishga haqqingiz yo'q.
Men murabbiyga nimalarga qodir ekanimni isbotlashim lozim», — deya Dibaladan iqtibos keltirmoqda «The Touchline» nashri. Ma'lumot uchun, Paulo Dibala oxirgi marta Argentina terma jamoasi libosida 2024-yil sentyabr oyida maydonga tushgan edi.
Hozirda futbolchi asosiy e'tiborini Italiya chempionatidagi ishtirokiga qaratgan.