Mirziyoyev Toshkentdagi yangi savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi
Prezident Mirziyoyev 23 aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan «Pavilion» savdo majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Qurilish materiallari savdosiga ixtisoslashgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 25 mln dollarni tashkil etadi. Majmua 4,6 gektar maydonni egallagan bo'lib, uning hududida 1 000 ta avtomobilga mo'ljallangan turargoh barpo etilgan.
Spot.uz nashrining xabar berishicha, uch qavatli asosiy binoning 42 ming m² maydonida 500 ta savdo do'koni faoliyat ko'rsatadi. «Oil Gaz Equipment» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida qurilish va ta'mirlash uchun zarur bo'lgan keng turdagi mahsulotlar savdosi yo'lga qo'yilgan.
Shaffoflikni ta'minlash maqsadida barcha tovarlar va ularning narxlari yagona elektron platformaga kiritiladi. Majmua yiliga 3 mln nafargacha mijozga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega bo'lib, bu yerda 2 000 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Yillik soliq tushumlari 32,3 mlrd so'm miqdorida bo'lishi kutilmoqda. Xavfsizlik choralari doirasida majmuaga 500 ta kuzatuv kamerasi o'rnatilgan.
Binoni elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun 1,2 MVt quvvatli quyosh panellaridan foydalaniladi. Davlat rahbari majmua sohada yangi sifat va xizmat ko'rsatish standartlarini joriy etishi zarurligini ta'kidladi.
Mirziyoyev Toshkent atrofida turli yo'nalishdagi shunday markazlarni ko'paytirish bo'yicha topshiriq berdi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash va logistika tizimini samarali tashkil etish yuzasidan ko'rsatmalar berildi.