
28 aprel kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg'ona shahrida yangi tashkil etilgan IT-park faoliyatini ko'zdan kechirdi. Davlat rahbari zamonaviy majmuada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ushbu IT-park Prezidentning 2024 yil avgustidagi viloyat tashrifi chog'ida bergan topshiriqlar asosida qurilgan.
Loyiha uchun jami 150 milliard so'm mablag' ajratilgan bo'lib, natijada zamonaviy IT-markaz barpo etildi. Majmua bir vaqtning o'zida 200 nafar foydalanuvchini qabul qilish imkoniyatiga ega va har yili 3 mingdan ortiq yoshlarni IT sohasida o'qitishga mo'ljallangan. Bu yerda dasturchilar va frilanserlar uchun qulay ish muhiti, rezident kompaniyalar uchun esa zamonaviy ofislar mavjud.
So'nggi yillarda Farg'ona viloyatida axborot texnologiyalari xizmatlari hajmi ortib bormoqda. Xorijiy OAV xabar berganideк, soha hajmi to'rt barobarga kengayib, eksport hajmi 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-Park” rezidentlarining soni 139 taga yetgan bo'lib, 2025 yilda 22,7 million dollarlik xizmatlar eksport qilinishi kutilmoqda.
Yangi IT-park faoliyati doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o'rni yaratish va eksport hajmini 30 million dollarga oshirish rejalashtirilgan. Kelajakda majmua negizida sun'iy intellekt texnologiyalariga ixtisoslashgan markaz tashkil etish, shuningdek, startaplarni moliyalashtirish va qo'llab-quvvatlash dasturlari yo'lga qo'yilishi mumkin. Prezident IT-park rezidentlari va sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini tingladi.