Toshkentning Yashnobod tumanida joylashgan yirik binolar majmuasi auksionga chiqarildi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi binolar majmuasini sotuvga qo'ydi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ob'ektga oid ma'lumotlar E-auksion elektron savdo platformasida joylashtirildi. Mazkur hudud Elbek ko'chasi bo'ylab, "O'zdonmaxsulot" un zavodi hamda Toshkent mexanika zavodi oralig'ida joylashgan.
"Mashinasozlar" metro bekati yaqinida joylashgan ushbu hududda hozirda omborxonalar mavjud. Yer uchastkasining umumiy maydoni 2,59 gektarni tashkil etadi.
Majmua tarkibidagi omborlar va yordamchi inshootlarning maydoni 4 729 kvadrat metrga teng. Hudud zarur muhandislik tarmoqlari, xususan, suv va elektr energiyasi bilan to'liq ta'minlangan.
Lotning boshlang'ich narxi 241,85 mlrd so'm etib belgilandi. Savdolar 25 may kuni soat 10:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Ishtirok etish uchun arizalar shu kuni soat 9:00 ga qadar qabul qilinadi. Ushbu aktivni sotish jarayoni prezident tomonidan 2023 yil mart oyida tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda.