O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sel va toshqin suvlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qaroriga binoan, 2027–2030 yillar oralig‘ida beshta yangi sel-suv ombori barpo etilishi belgilandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur inshootlar Jizzax, Samarqand hamda Toshkent viloyatlarining geografik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda quriladi. Xususan, Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Tangatopdisoy, Samarqand viloyatining Urgut tumanida G‘ijduvonsoy va Choshtepasoy, Qo‘shrabot tumanida Oqtepasoy hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Oqsoqotasoy sel-suv omborlari bunyod etiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini sezilarli darajada yaxshilaydi. Natijada Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar maydonda suv tanqisligi bartaraf etiladi.
Shuningdek, Samarqandda 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi tizimiga yangidan kiritiladi. Umuman olganda, respublika bo‘ylab kichik suv zaxiralarini shakllantirish uchun 60 ta istiqbolli hudud aniqlangan.
Ushbu infratuzilma loyihalari nafaqat suv resurslaridan oqilona foydalanish, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Qarorga ko‘ra, Tangatopdisoy va Oqsoqotasoy loyihalarini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mazkur omborlar atrofida baliqchilik xo‘jaliklari va turistik-rekreatsion zonalarni tashkil etishga ruxsat beriladi. Tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0