O‘zgidromet xizmati agentligi joriy yilning 26 may sanasidan 1 iyun kuniga qadar mamlakatimiz hududlarida kuzatilishi kutilayotgan noqulay ob-havo sharoitlari yuzasidan tezkor ogohlantirish e’lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Meteorologik tahlillarga ko‘ra, kutilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar tog‘li hamda tog‘ oldi hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi xavfini keltirib chiqarmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari xavfli zonada qolmoqda.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrobot tumanlari, shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida ham shunday xavf mavjud. Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida ham sel kelishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Toshkent viloyati bo‘yicha Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlari ogohlantirish ro‘yxatiga kiritilgan. Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan Namanganning Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on, Farg‘onaning So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq, Andijonning Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahrida ham suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga, shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suv bosish hodisalaridan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0