O‘zgidromet xizmati agentligi 25 may kuni maktablarda o‘tkaziladigan So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari uchun meteorologik prognozni taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Respublikaning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilishi, tog‘li zonalarda esa sel-suv toshqinlari xavfi saqlanib qolishi kutilmoqda. Toshkent shahrida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi hamda momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.
Harorat kechasi 15-17, kunduzi 26-28 daraja atrofida bo‘ladi. Toshkent viloyatida ham ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, harorat kechasi 13-18, kunduzi 25-30 darajani tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, ammo ayrim hududlarda shamol kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Bu hududlarda havo harorati kechasi 13-18, kunduzi 28-33 daraja bo‘ladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida quruq hamda o‘zgaruvchan havo sharoiti saqlanib qoladi, harorat kechasi 15-20, kunduzi 28-33 darajagacha ko‘tariladi. Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Harorat kechasi 13-18, kunduzi 25-30 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida nisbatan issiq ob-havo hukm suradi, kunduzgi harorat 30-35 darajagacha yetadi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, harorat kechasi 13-18, kunduzi 25-30 daraja bo‘ladi. Tog‘li va tog‘oldi hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi, momaqaldiroq va do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.
Mazkur hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi saqlanib qoladi, harorat kechasi 8-13, kunduzi 15-20 daraja atrofida bo‘ladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0