Bahorning yakuniy haftasi O‘zbekiston hududi bo‘ylab ob-havo sharoitlarining keskin o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
O‘zgidromet mutaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda respublikaning turli hududlarida ham yog‘ingarchilik, ham yozgi jazirama harorat kuzatilishi kutilmoqda. Dushanba kuni mamlakatning katta qismida yog‘ingarchiliksiz va ochiq ob-havo saqlanib qoladi.
Faqat poytaxt viloyati hamda Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli mavjud. 26–27 may kunlari respublika hududida beqarorlik saqlanib, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi va chaqmoq chaqishi mumkin.
Bu davrda havo harorati +25…+30 daraja atrofida bo‘lishi kutilsa-da, janubiy hududlar va cho‘l zonalarida termometr ko‘rsatkichi +33…+35 darajagacha ko‘tariladi. Payshanba, 28 may sanasidan boshlab tekislik hududlarida yog‘ingarchilik to‘xtaydi va bulutlar tarqaladi, natijada havo harorati yana 2–3 darajaga iliydi.
Oyning so‘nggi kunlari, ya’ni 29–31 may oralig‘ida O‘zbekiston bo‘ylab sokin va quruq ob-havo hukmron bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Kunduzgi harorat asta-sekin ko‘tarilib, +35…+38 darajaga yetadi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaziyat nisbatan jiddiyroq. 25–28 may kunlari ushbu hududlarda kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi mumkinligi sababli, 25–31 may oralig‘ida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi xavfi mavjud.
Shuningdek, shamol tezligi 7–12 m/s dan 13–18 m/s gacha, cho‘l hududlarida esa 20–22 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar ko‘tarilishi kutilmoqda. Toshkent shahrida bugun kunduzi quruq va ochiq havoda harorat +26…+28 daraja bo‘ladi.
26 may kechqurun hamda 27 may kuni shaharda yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, kunduzgi harorat +26…+30 daraja atrofida bo‘ladi. 28–31 may kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib, hafta oxiriga kelib +33…+36 darajani tashkil etadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0