O'zbekistonda kam ta'minlangan oilalarga 161,5 mlrd so'm keshbek qaytarildi
Soliq qo'mitasi 2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo'yicha aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga doir ma'lumotlarni e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Hisobotga ko'ra, yanvar–mart oylari davomida 621,6 ming nafar fuqaroga jami 161,5 mlrd so'mga yaqin ijtimoiy keshbek to'lab berildi. Faqatgina mart oyida qaytarilgan mablag'lar miqdori 65 mlrd so'mdan oshdi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko'rsatkichlar Andijon viloyatida qayd etilib, ushbu hududda 94,7 mlrd so'm to'langan. Shuningdek, Samarqand viloyatida 12,5 mlrd so'm va Toshkent shahrida 11,5 mlrd so'm keshbek mablag'lari fuqarolarga qaytarilgan.
Ijtimoiy himoya yagona reyestrida ro'yxatdan o'tgan kam ta'minlangan oilalar uchun 2023 yil 1 maydan boshlab maxsus tartib amal qilmoqda. Unga ko'ra, ushbu toifadagi shaxslar ayrim turdagi mahsulotlarni xarid qilganda 12 % miqdorida QQS summasini keshbek sifatida qaytarib olish huquqiga ega.
Imtiyozdan foydalanish uchun xariddan so'ng chekdagi QR-kodni "Soliq" mobil ilovasi orqali skanerlash talab etiladi. Mart oyi uchun hisoblangan to'lovlar 25 apreldan boshlab tasdiqlangan va mablag'lar avtomatik tarzda fuqarolarning hisobiga o'tkazilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0