O'zbekiston aeroportlarida yo'lovchi oqimi 19 foizga oshdi
"Uzbekistan Airports" kompaniyasi 2026 yilning yanvar–mart oylari yakunlari bo'yicha hisobotini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Unga ko'ra, hisobot davrida mamlakat aeroportlarida parvozlar miqdori, yo'lovchi oqimi va yuk tashish ko'rsatkichlari bo'yicha ijobiy dinamika kuzatilgan. Joriy yilning birinchi choragida respublika miqyosida jami 30 859 ta reys bajarildi.
Bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 10 % ga ko'pdir. Jami parvozlarning 22 885 tasi xalqaro yo'nalishlarda, 7 974 tasi esa mahalliy qatnovlarda amalga oshirildi.
Yo'lovchi tashish sohasida ham o'sish sur'atlari saqlanib qolmoqda. Uch oy davomida aeroportlar 3 987 000 nafardan ortiq kishiga xizmat ko'rsatdi.
Xalqaro yo'nalishlardan 3,32 mln kishi, ichki yo'nalishlardan esa 663,5 ming kishi foydalangan. Umumiy o'sish 2025 yilning mos davriga nisbatan 19 % ni tashkil etdi.
Toshkent xalqaro aeroporti asosiy aviatsiya markazi sifatidagi o'rnini saqlab qoldi. Poytaxt aeroporti orqali 2,56 mln yo'lovchi tashildi va 19 mingga yaqin reys bajarildi.
Viloyatlardagi aeroportlar orasida Samarqand eng yuqori ko'rsatkichni qayd etib, 376,4 ming yo'lovchini qabul qildi. Shuningdek, Urganch 222 ming, Namangan 210,1 ming va Farg'ona 161,2 ming yo'lovchi bilan keyingi o'rinlarni egalladi.
Yuk va pochta tashish hajmi 19 783 tonnaga yetib, o'tgan yilgi natijadan 14 % ga oshdi. Soha mutaxassislari ushbu o'sishni xalqaro yo'nalishlar geografiyasi kengaygani hamda ichki qatnovlarga bo'lgan talab ortgani bilan izohlamoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0