O'zbekistonga 2026 yilning birinchi choragida 3 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
Mirziyoyev raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida 2026 yilning dastlabki uch oyi yakunlari tahlil qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Hisobot davrida O'zbekistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni qariyb 3 mln nafarni tashkil etdi. Turizm xizmatlari eksportidan tushgan daromad 1 mlrd 103 mln dollarga yetdi.
Ushbu ko'rsatkich so'nggi yillardagi rekord natijalardan biri sifatida qayd etildi. Sohadagi ijobiy dinamikaga global miqyosdagi "turistik relokatsiya" jarayonlari sezilarli ta'sir ko'rsatmoqda.
Ko'plab sayyohlar xavfsiz va barqaror hudud sifatida O'zbekistonni tanlamoqda. Shu munosabat bilan, tarixiy meros va madaniy obidalardan foydalanish samaradorligini oshirish, yangi maskanlar barpo etishni jadallashtirish zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Prezident har bir tuman kesimida turizm salohiyatini yuksaltirish bo'yicha kompleks takliflar tayyorlash vazifasini qo'ydi. Rahbarlar ehtimoliy xavf-xatarlarni inobatga olgan holda bir nechta ssenariy asosida ish rejalarini ishlab chiqishi shartligi belgilandi.
Hokimlardan ish uslubini o'zgartirish, jarayonga oliy ta'lim muassasalari olimlari va yosh startapchilarni jalb qilish talab etildi. Yig'ilishda sustkashlikka yo'l qo'ygan mas'ullar faoliyati tanqid qilindi.
Xususan, Nurafshon shahrida tadbirkorlik loyihasi ikki yildan buyon to'xtab qolgani, mahalliy hokimiyat esa muammoni bartaraf etish choralarini ko'rmayotgani alohida ta'kidlandi.