O'zbekistonda xorijga ko'chib ketayotganlar soni ikki barobarga kamaydi

0
O'zbekistonda xorijga ko'chib ketayotganlar soni ikki barobarga kamaydiO'zbekistonda aholi migratsiyasi dinamikasi o'zgardi Respublikada 2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo'yicha aholi migratsiyasiga oid statistik ma'lumotlar e'lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Qayd etilgan raqamlar mamlakat ichidagi va tashqi ko'chish jarayonlarida yangi tendensiyalar shakllanayotganini ko'rsatmoqda. Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, hisobot davrida jami 80 159 kishi ko'chib kelgan bo'lsa, 81 715 nafar fuqaro yashash hududini tark etgan.

Migratsiya oqimining asosiy qismini mamlakat ichidagi harakatlanish tashkil etib, hududlararo ko'chib o'tganlar soni 79,5 ming nafarga yetdi. Shu bilan birga, xorijdan O'zbekistonga doimiy yashash uchun 721 kishi kelgan.

Tashqi migratsiya tahlili o'zbekistonliklarning xorijga chiqib ketish ko'rsatkichi sezilarli darajada kamayganini tasdiqlamoqda. Agar 2023 yilda chet elga ko'chib ketganlar soni 4 053 nafarni tashkil etgan bo'lsa, 2026 yilning mos davriga kelib ushbu raqam qariyb ikki barobarga qisqardi va 2 277 nafarni tashkil etdi.

Hududlar kesimida Toshkent shahri migratsiya markazi sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda. Poytaxtga yil boshidan buyon 28 152 kishi ko'chib kelgan, 20 621 kishi esa ushbu hududni tark etgan.

Toshkent viloyatida ham ijobiy ko'rsatkich qayd etilib, keluvchilar soni 11 486 nafarni, ketuvchilar esa 8 278 nafarni tashkil qildi. Aksariyat viloyatlarda aholining chiqib ketish ko'rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyatidan 6 598 kishi ketgan bo'lsa, bor-yo'g'i 4 137 kishi ko'chib kelgan. Samarqandda ushbu nisbat 5 779 ga 4 478 nafarni, Qoraqalpog'iston Respublikasida esa 4 418 ga 3 545 nafarni tashkil etdi.

Shuningdek, Farg'ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida ham aholining boshqa hududlarga ko'chish jarayoni faol davom etmoqda.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top O'zbekiston yangiliklari