Saida Mirziyoyeva Xiva shahridagi Ichan-qala majmuasi bilan tanishdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 27 aprel kuni Xorazm viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Ichan-qala majmuasini ko'zdan kechirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bu haqda u o'zining rasmiy Telegram sahifasida ma'lum qildi. Tashrif davomida Saida Mirziyoyeva qadimiy shaharning noyob me'moriy obidalari, jumladan, Toshhovli saroyi, Muhammad Amin inoq madrasasi, Muhammad Aminxon madrasasi, Juma masjidi va Ko'hna Ark majmualarini borib ko'rdi.
Uchrashuvda Ichan-qalani rivojlantirish bo'yicha master-reja muhokama qilindi. Asosiy e'tibor madaniy meros ob'ektlarini asrab-avaylash, ularni restavratsiya qilish va zamonaviy muzey talablariga moslashtirish masalalariga qaratildi.
Mirziyoyeva mamlakatning boy tarixiy merosini saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazishning ahamiyatini qayd etdi. Shu maqsadda Xorazm viloyatida madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha maxsus dastur ishlab chiqilishi e'lon qilindi.
Administratsiya rahbari umumiy tarixiy ildizlar va milliy o'zlikni asrash ustuvor vazifa ekanini, bu yo'nalishda tizimli ishlar davom ettirilishini ta'kidladi. Mazkur tashrif Xiva shahridagi yodgorliklarni saqlash hamda hududning turistik jozibadorligini xalqaro miqyosda oshirish yo'lidagi navbatdagi qadam bo'ldi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0