Ziroat Mirziyoyeva Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi
O'zbekiston Birinchi xonimi, "Zamin" jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva 27 aprel kuni Xorazm viloyatida amaliy tashrif bilan bo'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bu haqda fond rahbari o'zining rasmiy Telegram-sahifasida ma'lum qildi. Tashrifning dastlabki manzili Urganch shahridagi eshitishida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan 96-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati bo'ldi.
Ziroat Mirziyoyeva muassasadagi o'quv novvoyxonasi faoliyati bilan tanishib, tarbiyalanuvchilar bilan muloqot qildi hamda ular bilan birga non yopish jarayonida qatnashdi. Shundan so'ng Birinchi xonim Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Bolalar ijodkorligi va iste'dodlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan inklyuziv markazga bordi.
U yerda tarbiyalanuvchilarning qiziqishlari va kelajakdagi maqsadlari bilan tanishdi. Samimiy muloqot davomida o'quvchilardan biri o'zi yasagan taqinchoqni Mirziyoyevaga taqdim etdi.
Safar doirasida ekologik tadbirlarga ham alohida e'tibor qaratildi. Xiva shahridagi "Arda Xiva" turizm majmuasida o'tkazilgan ko'chat ekish aksiyasida Mirziyoyeva ekologiya faollari bilan birga ishtirok etdi.
Tadbir davomida hududda 3 mingdan ortiq daraxt va buta ko'chatlari ekildi. Ushbu tashabbus mintaqa ekologiyasini yaxshilash va yoshlar orasida tabiatga nisbatan mas'uliyatni oshirishga qaratilgan.
Ziroat Mirziyoyevaning Xorazmga safari ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga qaratilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.