
Xorijiy OAV xabar berishicha, Rossiyaning imtiyozli vakillari global keskinliklar, xususan, uchinchi jahon urushi ehtimoli ortishi munosabati bilan Yangi Zelandiyada uy-joy sotib olishga katta qiziqish ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakatni xavfsiz hudud sifatida ko‘rish ularning asosiy motividir. So‘nggi vaqtda Yangi Zelandiyadagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab deyarli uch baravar oshganligi aniqlangan.
Eng yuqori talab Oklend, Vellington va Kraystcherch kabi shaharlardagi uylarga to‘g‘ri kelmoqda. Ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu shaharlardagi uy-joy narxlari ham sezilarli darajada oshgan. Hozirgi kunda uy-joy narxi 300 ming dollardan boshlanib, 2,5 million dollargacha yetmoqda.
Ayrim xaridchilar, xususan, yer osti bunkerlari, mustaqil energiya va suv ta'minoti bilan jihozlangan uylarga alohida e'tibor qaratmoqda. Bunday ob'ektlar xaridorgir bo'lmoqda. Kuzatuvchilar bu vaziyatni jahondagi geosiyosiy beqarorlik, xavfsizlik haqidagi xavotir va kelajakdagi noaniqliklar bilan bog‘lamoqda.
Shu sababli, moliyaviy imkoniyati yetarli bo‘lgan shaxslar o‘z oilalari uchun xavfdan uzoqroq, barqaror hududlarda zaxira “panohgoh” yaratishga urinishmoqda. Tahlilchilar bunday tendentsiyaning global ko‘chmas mulk bozoriga ta'sir qilishi, ayrim davlatlarda narxlar yanada oshishi mumkinligini istisno qilmaydilar.