
Eron hududidagi nizolar global iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, deya xabar qilmoqda xorijiy OAV. Ushbu vaziyat o'nlab davlatlarda iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, jumladan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatida izchil kamayishlar kuzatilmoqda. Hindiston va Bangladeshda bir qator ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi.
Yevropa davlatlarida ham transport tizimida muammolar paydo bo'lmoqda. Irlandiya, Polsha va Germaniya kabi mamlakatlarda havo qatnovlari bilan bog'liq uzilishlar sodir bo'lmoqda. Osiyo mintaqasida esa energiya ta'minoti bilan bog'liq cheklovlar joriy etilmoqda, xususan, Vetnam, Janubiy Koreya va Tailandda elektr energiyasini iste'mol qilish limiti belgilandi.
Nizolar sababli neft, gaz va o'g'itlar narxlarining oshishi Yaponiya va Hindiston kabi mamlakatlarning asosiy sanoat tarmoqlariga ta'sir ko'rsatdi. Yaponiya avtomobilsozlik sanoati hamda Hindiston metallurgiya korxonalari ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga kirishdi. Xitoyda esa bir qator zavodlarda ish joylari qisqartirilmoqda.
Buning asosiy sababi – infratuzilma obyektlariga hujumlar va Hormuz bo'g'ozi atrofidagi keskinlashgan vaziyatdir. Ushbu omillar alyuminiy, geliy va mikrochiplar kabi turli xil tovarlarning yetishmasligiga olib keldi. Aviakerosin narxining ortishi aviakompaniyalarni reyslar sonini kamaytirishga majbur qildi, bu esa turizm va biznes sohalarida salbiy oqibatlarga sabab bo'lmoqda. Mutaxassislar fikriga ko'ra, agar nizolar tezkorlik bilan hal qilinmasa, energiya narxlarining yuqori darajada qolishi uzoq muddatga cho'zilishi mumkin.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0