SK Hynix xodimlari 470 ming dollargacha mukofot puli oladi
Janubiy Koreyaning SK Hynix kompaniyasi o'z xizmatchilarini rag'batlantirish uchun rekord darajadagi mablag' ajratdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, korxona 35 ming nafar ishchi-xodimga tarqatish maqsadida jami 16,9 mlrd dollar miqdorida mukofot jamg'armasini shakllantirgan. Mazkur qarorga ko'ra, har bir xodim o'rtacha 470 ming dollargacha bonus olishi ko'zda tutilgan.
Kompaniyaning bunday yuqori moliyaviy natijasi yarimo'tkazgichlar bozoridagi muvaffaqiyat, xususan, Nvidia korporatsiyasi uchun HBM xotira chiplarini yetkazib berish hajmi ortgani bilan izohlanmoqda. Sun'iy intellektga asoslangan ma'lumotlar markazlari uchun zarur bo'lgan ushbu texnologiya SK Hynix daromadlarining keskin o'sishiga xizmat qildi.
Shu bilan birga, ushbu yirik to'lovlar Janubiy Koreya jamoatchiligida turli munozaralarga sabab bo'ldi. Ayrim fuqarolar davlat tomonidan 2024 yil davomida sohaga 13,6 mlrd dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilganini ta'kidlamoqda.
Norozi tomonlar kompaniya erishgan foydani "umumiy resurs" sifatida baholab, daromadning bir qismi nafaqat xodimlar, balki jamiyat manfaatlari uchun ham yo'naltirilishi lozimligini bildirmoqda. Mazkur holat yirik korporatsiyalar foydasi va davlat ko'magi o'rtasidagi mutanosiblik masalasini kun tartibiga chiqardi.