Mirziyoyev inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida ushlab turish bo'yicha topshiriq berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 aprel kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mamlakat iqtisodiy barqarorligiga daxldor dolzarb masalalar ko'rib chiqildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Davlat rahbari jahon bozorida neft narxi 40 foizga oshgani hamda global ziddiyatlar oqibatida logistika xarajatlari 25–30 foizga qimmatlashganiga e'tibor qaratdi. Ushbu omillar import inflyatsiyasi orqali ichki bozorga bosim o'tkazmoqda.
Mirziyoyev iqtisodiy o'sish sur'atlari narx-navo barqarorligi bilan hamohang bo'lishi shartligini ta'kidladi. Prezident: «Qancha harakat qilib iqtisodiyotni rivojlantirmaylik, agar inflyatsiya oshib borsa, bu aholi daromadlarining qadrsizlanishiga olib keladi», — deya qayd etdi.
Hukumat zimmasiga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz doirasida saqlash vazifasi yuklatildi. Iste'mol savatidagi mahsulotlarning 70 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobiga shakllanishi munosabati bilan ichki imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi bildirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida go'sht importi bo'yicha yangi imtiyozlar joriy etildi. Xususan, aviatransport orqali keltiriladigan har bir naslli qoramol uchun 4 mln so'mgacha subsidiya ajratiladi va transport xarajatlarining yarmi qoplanadi.
Yil yakuniga qadar 130 ming tonna go'sht import qilish rejalashtirilgan. Yig'ilishda qishloq xo'jaligidagi sustkashliklar, ayniqsa, Namangan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ozuqa ekinlari hamda kartoshka yetishtirishdagi kamchiliklar tanqid qilindi.
Davlat rahbari resurslar yetarli ekanini ta'kidlab, go'sht va kartoshka ta'minotida muammo bo'lmasligi shartligini qat'iy uqtirdi.