Oqqo'rg'onda aktrisa ishtirokidagi tadbir sabab maktab rahbariyati javobgarlikka tortilishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumanidagi maktablardan birida aktrisa Nilufar Hamidova bilan o'tkazilgan ijodiy uchrashuv videosi tarqalib, jamoatchilik o'rtasida keng muhokamalarga sabab bo'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tezkor surishtiruv ishlarini amalga oshirdi. O'rganish natijalariga ko'ra, voqea 21 aprel 2026 yil soat 13:10 da Oqqo'rg'on tumanidagi 48-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida yuz bergan.
Tadbir tuman hamkor tashkilotlari tashabbusi bilan "ijodiy uchrashuv" sifatida rejalashtirilgan bo'lib, bu haqda "Qushtamg'ali" mahallasi yoshlar yetakchisi axborot bergan. Shunga asosan, maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari o'quvchilar ishtirokida konsert dasturini tashkil qilgan.
Biroq ushbu tadbirni o'tkazish bo'yicha Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi hamda uning hududiy bo'limi rasman ogohlantirilmagan. Mas'ullarning bu harakati belgilangan ish tartibini qo'pol ravishda buzish deb baholanmoqda.
Hozirda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi holat bo'yicha yakuniy tekshiruv o'tkazmoqda. Mas'ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, intizomiy choralar ko'rilishi ma'lum qilindi.
Tekshiruv natijalari yuzasidan qo'shimcha axborot taqdim etiladi.