
O'zbek shou-biznesi vakillari orasida eng ko'p muhokamalarga sabab bo'layotgan aktrisa Luiza Rasulova 24 aprel kuni 31 yoshni qarshi oldi. U 14 yoshida ilk bor klipda rol ijro etib, san'at olamiga kirib kelgan. Bolaligida bozorda kiyim sotgan, Ukrainada ta'lim olgan, erkak hamkasbidan haqorat eshitgan, bugungi kunda esa to'y va marosimlarda boshlovchilik qilib kelayotgan Luiza Rasulovaning tavallud sanasi munosabati bilan uning hayot yo'li va ijodiy faoliyatiga nazar tashlaymiz. “Dadam vafotidan keyin bozorda savdo qilganman” 1995 yil 24 aprel kuni Chirchiq shahrida dunyoga kelgan. U bolalik xotiralarini eslar ekan, bozorda kiyim-kechak sotgani, onasi esa ro'zg'or tebratish uchun qarindoshlarining uylarini tozalaganini aytadi. — Bolaligimdan aktrisa bo'lishni orzu qilmaganman, lekin bu sohada iqtidorim bor edi. Bog'cha va maktabdagi sahna chiqishlarida faol ishtirok etardim, rollarim yaxshi chiqardi. Shuning uchun rahmatli dadam “aktrisa qizim” deb erkalardi. Biroq san'at sohasida o'qish uchun alohida kurslarga qatnamaganman. Dadam vafot etganlaridan keyin uning orzusini amalga oshirish maqsadida aktrisa bo'lishga qaror qilganman. Otamning vafotidan keyin qiyin ahvolga tushganmiz. Ham o'qib, ham ishlagan davrlarim bo'lgan. Bozorda kiyim sotganman. O'sha vaqtlarda akam bilan ishlab, onamni ishlatmaslikka harakat qilganmiz. Chunki onam yurak xastaligi bilan og'rigan, otamning vafotidan keyin ahvoli yana og'irlashgan edi. Xudoga shukr, bugungacha ishlatmadik. Ammo ayrim paytlarda non topish uchun onam boshqalarning, hatto qarindoshlarimiz uylarini tozalab kelgan, deya eslaydi aktrisa. “Birinchi avtomobilimni 19 yoshimda olganman” Luiza Rasulovaning kinodagi ilk roli 15 yoshida “Yondiradi, kuydiradi” filmida namoyon bo'lgan. U 16 yoshida “O, Maryam, Maryam” filmida ishtirok etgan, undan avval esa “Xazina” filmida bosh qahramon obrazini muvaffaqiyatli ijro etgan. Ko'plab filmlarda qatnashgan aktrisa o'zining eng muvaffaqiyatli rolini aynan “O, Maryam, Maryam” filmidagi ijrosi deb biladi. — Maktab paytlari Chirchiqdan Toshkentga, “O'zbekfilm”ga qatnar edim. Meni avvaldan taniydigan rejissyorga qo'ng'iroq qilib, “Iltimos, meni qabul qiling, bir marta imkoniyat bering” deb tinmay murojaat qilardim. Oxiri meni qabul qilishdi. Ilk rolim Farrux Xamrayevning klipida ishtirok etish bilan boshlangan. Kinodagi debyutim 15 yoshimda mashhur aktyorlar ishtirokidagi “Yondiradi, kuydiradi” filmida bo'lgan. Avval Estrada-tsirk kollejida o'qidim, keyin o'qishim tugallanmadi va Ukraina, Kiyevdagi san'at oliygohida tahsil oldim. Oliy ma'lumotga egaman, ammo ba'zi san'atkorlar tomonidan “o'qimagan qiz” degan gaplarni ham eshitganman. 19 yoshimda birinchi shaxsiy avtomobilni sotib oldim. Keyin 2019 yilda to'y xizmatlari, s'yomka va reklama ishlaridan topgan daromadimga Toshkentdan yangi uy xarid qildim. Bu xonadon hech qanday reklama evaziga emas, o'z mehnatim bilan olingan, deydi u. “Meni ‘Muhtasham yuz yil’ serialiga chaqirishgan” Aktrisa mashhur turk seriali kastingida ishtirok etgan, ammo roldan voz kechgan. — “Muhtasham yuz yil” seriali uchun Ukrainada kasting bo'lgan. Men malika Izabella roli uchun sinov topshirganman. Turk rejissyorlari videoqo'ng'iroq orqali ham kasting o'tkazishgan. Serialda ochiq sahnalar borligini bilganim uchun bu rol menga mos emasligini tushunganman va rad etganman. O'sha paytda juda yosh edim, hatto pasportim ham yo'q edi. Keyin serialni ko'rib, ishtirok etmaganimdan biroz afsuslanganman. “S'yomkaga hech qachon yolg'iz bormayman” Odatda san'at sohasidagi ayollar oilasida turli qarshiliklar bo'ladi. Luiza bu borada qiyinchiliklarga duch kelganmi? — Oilamdagilar mening xarakterimni yaxshi biladi. San'atga kirib, noto'g'ri yo'lga kirmasligimga ishonishgan. Meni yaxshi taniydiganlar biladi — hech qachon yolg'iz yurmayman. Doim akam bilan birgaman. Hech qaysi to'y, s'yomka yoki ko'rsatuvga yolg'iz bormaganman. Shuning uchun ham ular xotirjam. Umuman, oilamda san'atimga qarshi chiqqanlar bo'lmagan. “Ochiq va tor kiyinaman, lekin me'yor doirasida” Aktrisaga eng ko'p beriladigan savol uning Instagram’dagi obrazlari va kiyinish uslubi haqida. Ayni paytda uning sahifasida 5,5 million obunachi mavjud. — Instagram sahifamni 77 foiz erkaklar, 33 foiz ayollar kuzatadi. Faqat O'zbekiston emas, balki MDH davlatlari — Rossiya, Qozog'iston, Qirg'izistonda ham meni taniydiganlar ko'p. To'g'ri, ba'zan tor yoki ochiq kiyinaman. Lekin me'yordan chiqmayman. 21-asrda yashayapmiz. Ko'chadagi qizlar ham shunday kiyinadi. Faqat san'atkor bo'lganing uchun senga ko'proq e'tibor qaratiladi. “Hamkasbimdan og'ir SMS olganman” Luiza 18-19 yoshidan beri to'y va tadbirlarda boshlovchilik qilib keladi. Uning aytishicha, san'at yo'li oson emas. — Agar imkonim bo'lsa, 20 yil orqaga qaytib, san'atni tanlamasdim. Chunki ayol kishi uchun bu sohada o'z o'rnini saqlab qolish juda qiyin. Ilk faoliyatimda hamkasblarim meni yaxshi qabul qilgan. Ammo keyinchalik ko'plab salbiy munosabatlarga duch keldim. Bir kuni tungi soat 2 da bir erkak boshlovchidan SMS oldim. Unda “odamning ko'nglini aynityapsan, o'zingni reklama qilyapsan, o'qimagansan” kabi gaplar yozilgan edi. Bu men uchun kutilmagan holat bo'lgan. U inson bilan avval yaxshi munosabatda bo'lganman, nega bunday yozganini tushunmadim, deydi aktrisa. “Qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin” Aktrisa shaxsiy hayoti haqida ham fikr bildirdi. — Oddiy qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin. Lekin kimdir kelib “san'atni tashla” desa, darrov rozi bo'lmayman. Chunki katta mehnat bilan shu darajaga yetdim. Agar san'atni tark etganimdan keyin ham zerikmasligim uchun sharoit yaratib bersa, nega yo'q? Bu yerda gap faqat pulda emas, deydi Luiza Rasulova. Aziza Shukhratova «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0