O'zbekistonda ko'p kvartirali uylarda avtotransportni saqlash tartibi belgilandi
O'zbekistonda ko'p kvartirali uylar atrofidagi umumiy foydalanish hududlarida avtomobillarni qoldirishga doir qat'iy cheklovlar kuchga kirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Adliya vazirligi tomonidan 29 aprel kuni davlat ro'yxatidan o'tkazilgan "Ko'p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari"ga muvofiq, endilikda transport vositalarini trotuarlar, pod'ezdlar oldi va boshqa jamoat joylariga joylashtirish taqiqlanadi. Xususan, maysazorlar, bolalar maydonchalari, xiyobonlar va kirish yo'laklari qarshisida mashina saqlashga ruxsat berilmaydi.
Mazkur choralar hovlilarda harakat xavfsizligini ta'minlash va infratuzilmani asrashga qaratilgan. Yangi tartib doirasida balkon va lodjiyalardan foydalanish bo'yicha ham cheklovlar joriy etildi.
Endilikda balkonlarning tashqi qismiga kiyim-kechak, gilam yoki boshqa ashyolarni ilib qo'yish man etiladi. Shuningdek, ushbu hududlarda yong'in xavfini keltirib chiqaruvchi uskunalar o'rnatish va og'ir yuklarni saqlash taqiqlangan.
Uy hayvonlarini zinapoyalar, chordoqlar, yerto'la va boshqa umumiy joylarda boqishga ruxsat etilmaydi. Shu bilan birga, zina maydonchalarida yonuvchan materiallar qoldirish hamda issiqlik tizimlarini o'zboshimchalik bilan o'zgartirish qat'iyan man qilindi.
Hujjatda sanitariya va texnik xizmat ko'rsatish talablari ham aniq belgilab qo'yildi. Unga ko'ra, lift xonalari har hafta tozalanib, uskunalar muntazam texnik ko'rikdan o'tkazilishi shart.
Yerto'lalarda quvur avariyalari natijasida suv to'plangan taqdirda, boshqaruv organi 24 soat ichida nosozlikni bartaraf etishi lozim. Ushbu yangiliklar ko'p qavatli uylarda yashash sharoitlarini yaxshilash, hududda tartib va xavfsiz muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0