IIV ko'chada fuqarolarni tekshirish tartibi bo'yicha tushuntirish berdi
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti jamoat joylarida o'tkaziladigan tekshiruv tadbirlari va ularning huquqiy asoslari yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
So'nggi vaqtlarda aholi o'rtasida ko'plab muhokamalarga sabab bo'layotgan ushbu jarayonda ko'zdan kechirish hamda tintuv harakatlari o'rtasidagi asosiy farqlar ma'lum qilindi. Vazirlik tushuntirishiga ko'ra, ko'zdan kechirish jarayoni faqat vizual kuzatuv bilan cheklanadi.
Bunda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi shaxsni, uning buyumlarini yoki transport vositasini faqat tashqi tomondan ko'zdan kechirishi mumkin. Ushbu jarayonda xodim buyumlarga qo'l tegishi, cho'ntaklarni bo'shatishni talab qilishi taqiqlanadi.
Mazkur harakatlar uchun xolislar ishtiroki yoki bayonnoma tuzish talab etilmaydi, biroq xodim o'zini tanishtirishi majburiydir. Agarda shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilganiga doir asosli gumonlar mavjud bo'lsa, tekshiruvning qat'iy shakli — shaxsiy tintuv o'tkaziladi.
Bu jarayonda sumka, cho'ntaklar va avtomobil saloni to'liq tekshiriladi. Tintuv o'tkazishda kamida ikki nafar xolis ishtirok etishi, maxsus bayonnoma rasmiylashtirilishi hamda jarayonni faqat tintuv qilinayotgan shaxs bilan bir xil jinsdagi xodim bajarishi shart.
Shuningdek, PPX xodimlari fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun hujjatlarni tekshirish vakolatiga ega ekani eslatib o'tildi. Xodimlarning qonuniy talablariga bo'ysunmaslik yoki ularga qarshilik ko'rsatish amaldagi qonunchilikka muvofiq ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Mutasaddilar fuqarolarni o'z huquqlarini bilishga va har qanday vaziyatda qonun doirasida harakat qilishga chaqirdi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0