Zangiotada baliqlar nobud bo'lishi sababli tadbirkor jarimaga tortildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Zangiotada baliqlar nobud bo'lishi sababli tadbirkor jarimaga tortildiZangiotada baliqlar nobud bo'lishi: Tadbirkor 92 mln so'm jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanidagi Achchisoy kanalida ko'p miqdordagi baliqlar oqib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi holat yuzasidan tekshiruv o'tkazdi. Aniqlanishicha, "Ittifoqchi" mahallasida joylashgan "Damachi baliq" MChJga qarashli sun'iy havzada suv sathi pasayishi natijasida kislorod yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Buning oqibatida vazni 200-300 gramm bo'lgan baliqlar ommaviy nobud bo'lgan. Korxona ishchisi nobud bo'lgan baliqlarni yig'ib, Achchisoy kanaliga oqizib yuborgani ma'lum bo'ldi.

Mutaxassislar olingan suv namunalarini laboratoriyada tahlil qilganda, kimyoviy moddalar miqdori me'yordan yuqori ekanini aniqladi. Xususan, azot ammoniy 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, umumiy fosfor 1,8 barobar va quruq qoldiq 1,28 barobarga oshib ketgan.

Bu ko'rsatkichlar hududda oqova suvlar tozalanmasdan tabiatga chiqarilayotganini tasdiqladi. Mazkur huquqbuzarlik bo'yicha korxona mas'ullariga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Tabiatga yetkazilgan zarar uchun jamiyatga 92 mln so'm miqdorida kompensatsiya to'lovi belgilandi. Hozirda Achchisoy kanali nobud bo'lgan baliqlardan tozalandi, hududda ekologik nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish