Boysunda sel oqibatida neft mahsulotlari ariqqa oqib tushdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Boysunda sel oqibatida neft mahsulotlari ariqqa oqib tushdiBoysun tumanidagi ariqda neft aralashgan sel oqimlari kuzatildi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hududidan o'tuvchi ariqqa kuchli sel kelishi oqibatida neft aralashgan suyuqlik oqib tushdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur hodisa haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi ma'lumot e'lon qildi. Hozirda yuzaga kelgan holat Surxondaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi va Ekopolitsiya xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan o'rganilmoqda.

Ushbu jarayonga boshqa mutasaddi idoralar vakillari ham jalb etilgan. Mutaxassislar voqea joyiga chiqqan holda atrof-muhitga yetkazilgan zararni tahlil qilmoqda.

Dastlabki tekshiruv xulosalariga ko'ra, noxush holat 2 may kuni soat 06:30 atrofida yuz bergan. Kuchli yog'ingarchilik natijasida hosil bo'lgan sel oqimlari maxsus handaqni yuvib ketishi oqibatida neft mahsulotlari aralashgan suyuqlik ariqqa sizib chiqqan.

Vazirlik mutasaddilari o'rganish ishlari hali yakunlanmaganini bildirdi. Tekshiruvlar natijasida aniqlangan tafsilotlar va ko'rilgan choralar bo'yicha jamoatchilikka qo'shimcha axborot taqdim etilishi kutilmoqda.

Hozirda hududda ekologik xavfsizlikni ta'minlash va neft qoldiqlarini bartaraf etish choralari ko'rilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish