AQShda o'smir o'gay opasini o'ldirganlikda ayblanmoqda
AQShda «Carnival Cruise» kompaniyasiga tegishli kemada 18 yoshli Anna Kepnerning o'limi yuzasidan sud ishi boshlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur jinoyatda marhumaning 16 yoshli o'gay ukasi Timoti Xadson gumon qilinmoqda. ABC News nashri ma'lumotiga ko'ra, voqea 2025 yil noyabr oyida «Carnival Horizon» kemasidagi oilaviy sayohat davomida sodir bo'lgan.
Anna Kepnerning jasadi kema Florida shtatiga qaytganidan so'ng, Xadson va yana bir o'smir ijaraga olgan xonadagi karavot ostidan topilgan. Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko'ra, qizning o'limiga mexanik asfiksiya, ya'ni nafas yo'llarining tashqi kuch bilan to'silib qolishi sabab bo'lgan.
Marhumaning otasi Kristofer Kepner oilasi adolat qaror topishiga va sud tizimi haqiqatni aniqlashiga ishonishini qayd etdi. AQSh okrug sudyasi Bet Blum 27 aprel kuni chiqargan qarorga muvofiq, Timoti Xadsonga nisbatan sud jarayoni 1 iyun kuni Mayami shahrida boshlanadi.
O'smirga nisbatan birinchi darajali qotillik va og'irlashtiruvchi jinsiy zo'ravonlik ayblovlari ilgari surilgan. Dastlab voyaga yetmagan shaxs sifatida tergov qilingan Xadson o'tgan haftada o'z aybiga iqror emasligini yozma ravishda bildirdi.
Federal sudda voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi kam kuzatiladigan holat hisoblanadi. Anna Kepner Taytusvill shahridagi Temple Christian School ta'lim muassasasi o'quvchisi bo'lib, maktabning sport jamoalarini qo'llab-quvvatlovchi guruhida faoliyat yuritgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0