Xitoylik o'smir uy sharoitida reaktiv dvigatel yaratdi
Xitoyda aviatsiya sohasiga qiziquvchi 14 yoshli o'smir o'z kashfiyoti bilan jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Che Tszingan ismli o'quvchi mustaqil ravishda haqiqiy aviatsiya dvigatelini yig'ishga muvaffaq bo'ldi. "Oddity Central" nashrining yozishicha, uning muhandislikka bo'lgan ishtiyoqi bolalar bog'chasi davridanoq qog'oz samolyotlar yasashdan boshlangan va keyinchalik jiddiy ilmiy izlanishlarga aylangan.
Ota-onasining so'zlariga ko'ra, o'smir ko'p vaqtini aerodinamika va muhandislikka oid adabiyotlarni o'rganishga sarflagan. U boshlang'ich sinfdayoq matematik tahlil hamda murakkab loyihalash dasturlarida ishlashni o'zlashtirgan.
Dvigatel yaratish jarayonida ixtirochi tayyor chizmalardan foydalanmasdan, barcha 2D va 3D modellarni noldan o'zi ishlab chiqqan. Shuningdek, havo oqimi, harorat va bosim kabi texnik ko'rsatkichlarni aniq hisoblab chiqqan.
Loyiha ustidagi ishlar taxminan 8 oy davom etgan bo'lib, materiallar uchun 8-9 ming yuan (taxminan 1 100–1 200 AQSh dollari) sarflangan. Che Tszingan o'z ish jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borgan va ko'plab foydalanuvchilar unga detallarni 3D-printerda tayyorlashda ko'maklashgan.
Dastlabki sinov yonilg'i tizimidagi kamchiliklar tufayli kutilgan natijani bermagan bo'lsa-da, o'smir izlanishdan to'xtagani yo'q. Hozirda u konstruksiyaning takomillashtirilgan varianti ustida ishlamoqda.
Che Tszingan: «Muvaffaqiyatsizlik — bilim olish jarayonining ajralmas qismi bo'lib, u insonni maqsad sari intilishga undaydi»