Xitoylik o'qituvchi 267 nafar yetim bolani o'z qaramog'iga oldi
Xitoyda maktabda jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi bo'lib faoliyat yuritgan Bay Szyan 267 nafar yetim va qarovsiz qolgan bolani voyaga yetkazgani bilan jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. South China Morning Post nashri bergan ma'lumotga ko'ra, 52 yoshli ushbu shaxs o'zining fidoyiligi uchun xalq orasida "super ota" nomini olgan. Bay Szyan kambag'al oilada tug'ilgan bo'lib, sportdagi muvaffaqiyatlari tufayli kollejda ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lgan.
Keyinchalik u pedagogik faoliyatini boshlagan va ish jarayonida tashlab ketilgan hamda vasiysiz qolgan bolalarga duch kelib, ularni o'z qaramog'iga olishga qaror qilgan. Yillar davomida u asrab olgan bolalar soni muntazam ravishda ortib borgan.
Moliyaviy muammolarga qaramasdan, Bay Szyan qarz olib va qo'shimcha ishlarda mehnat qilib, bolalarni tarbiyalashda davom etgan. Hozirda uning tarbiyalanuvchilari bo'lgan yoshlarning katta qismi sport, ta'lim va turli kasbiy sohalarda yuqori natijalarni qayd etmoqda.