Toshkentda qalbaki maishiy kimyo mahsulotlarini sotgan tadbirkorlar jarimaga tortildi
Toshkentdagi savdo nuqtalarida taniqli brendlar nomi ostida qalbaki maishiy kimyo vositalarini sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Adliya vazirligi matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko'ra, mazkur tekshiruvlar «KROT» savdo belgisi egasi bo'lgan «Sano Technology» kompaniyasi murojaati asosida tashkil etilgan. Huquq egasi poytaxt bozorlarida original mahsulotga o'xshash va xaridorlarni chalg'ituvchi tovarlar tarqatilayotgani haqida xabar bergan.
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi vakillari tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar natijasida oltita savdo majmuasida kontrafakt mahsulotlar sotilayotgani tasdiqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan barcha qoidabuzarlarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 177-moddasi, ya'ni tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish bo'yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Sud ko'rib chiqqan hujjatlar asosida har bir huquqbuzar tadbirkorga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari, ya'ni 6,18 mln so'm miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud qarori bilan tadbirkorlar zimmasiga aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlarini to'liq bartaraf etish majburiyati yuklandi.
Adliya vazirligi bunday nazorat tadbirlari ichki bozorda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va soxta mahsulotlar tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.