Toshkentda brend nomidan noqonuniy foydalangan oltita firma jarimaga tortildi

0
Toshkentda brend nomidan noqonuniy foydalangan oltita firma jarimaga tortildiToshkentda o'zganing tovar belgisidan noqonuniy foydalangan tadbirkorlar jarimaga tortildi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi Toshkent shahrida kontrafakt maishiy kimyo mahsulotlari savdosi bilan bog'liq bir qator ma'muriy ishlarni ko'rib chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu jarayon "KROT" tozalash vositalari brendi huquq egasi hisoblangan "Sano Technology" kompaniyasining rasmiy murojaati asosida boshlangan. Spot.uz nashrining yozishicha, poytaxtdagi savdo do'konlarida mazkur brendga o'xshash nomlar ostida sifatsiz va soxta mahsulotlar sotilayotgani aniqlangan.

Vazirlik xodimlari tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar natijasida 6 ta savdo nuqtasida intellektual mulk huquqlari buzilgani o'z tasdig'ini topdi. Mazkur holatlar yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 177-moddasi bilan bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilgan.

Sud qaroriga ko'ra, qoidabuzarlik sodir etgan oltita tadbirkorlik sub'yektining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari, ya'ni 6,18 mln so'm miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Qayd etilishicha, undirilgan umumiy mablag' 37 mln so'mdan oshgan.

Shuningdek, tadbirkorlar zimmasiga aniqlangan qonunbuzarliklarni tez fursatda bartaraf etish majburiyati yuklangan. Adliya vazirligi brend huquqlari buzilgan boshqa tadbirkorlarni ham 1008 ishonch telefoni orqali xabar berishga chaqirmoqda.

Bundan avval poytaxtda "Hugo Boss" va "Tommy Hilfiger" brendlarining kontrafakt nusxalarini sotgan shaxslardan 111 mln so'm undirilishi belgilangan edi.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Jamiyat yangiliklari