
Toshkent shahrida 20 aprel kuni sodir bo'lgan yo'l-transport hodisasi oqibatida maktab o'quvchisi tan jarohati olgan. Voqea poytaxtning Olmazor tumanidagi Keles yo'li ko'chasida yuz bergan bo'lib, xorijiy OAV xabar berishicha, haydovchining ehtiyotsizligi sababli sodir bo'lgan. Hodisa joyidagi video tasvirlarda ikki bola yo'lni kesib o'tayotgani va ulardan biri avtomobil tomonidan urilgani ko'rinmoqda.
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida avtomobil haydovchisining shaxsi aniqlangan. Ma'lum bo'lishicha, haydovchi 19 yoshda bo'lgan yigitdir. Uning so'zlariga ko'ra, bolalarni ko'rganidan so'ng signal bergan, biroq bir bola to'xtab turgan bo'lsa, ikkinchisi kutilmaganda yo'lga yugurib chiqqan. Haydovchi to'qnashuvni oldini olishga harakat qilganini, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaganini ta'kidlagan.
Hodisadan so'ng haydovchi sarosima va shok holatiga tushib, voqea joyidan uzoqlashgan. O'ziga kelgach, qaytib kelmoqchi bo'lgani, ammo tez tibbiy yordam xizmati jabrlanuvchini kasalxonaga olib ketganini aniqlagan. Keyinroq haydovchi o'zini huquq-tartib organlariga taqdim etib, sodir bo'lgan voqea haqida xabar bergan.
Hozirda holat yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 133- (yo'l harakati qoidalarini buzish oqibatida tan jarohati yoki moddiy zarar yetkazish) va 137-moddalariga (yo'l-transport hodisasi joyini tark etish) ko'ra tergov harakatlari olib borilmoqda. Jabrlanuvchining jarohat darajasiga qarab, ish ma'muriy yoki jinoiy yo'l bilan ko'rib chiqilishi mumkin. Agar olingan jarohatlar yengil bo'lsa, haydovchiga ma'muriy chora ko'riladi, aks holda esa jinoiy ish ochilishi mumkin.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0