Toshkentda 19 yoshli haydovchi tomonidan maktab o‘quvchisiga urilgan baxtsiz hodisa bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Voqea 20 aprel kuni poytaxtning Olmazor tumanidagi Keles yo‘li ko‘chasida yuz bergan. Kadrlarda ikki nafar bola yo‘lni kesib o‘tayotgani, shu payt ulardan biri avtomobil ostiga tushib qolgani aks etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari olib borgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlangan. Haydovchining bayonotiga ko‘ra, u bolalarni payqagach signal bergan.
Ulardan biri to‘xtagan, ammo ikkinchisi chalg‘ib, kutilmaganda yo‘lga yugurib chiqqan. U to‘qnashuvning oldini olishga urinishiga qaramay, buni uddalay olmagan.
Voqea joyidan ketayotganida sarosimaga tushganini va keyinroq o‘z ixtiyori bilan huquq-tartibot organlariga murojaat qilganini aytgan. Ushbu holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi (yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatida tan jarohati yetkazish) va 137-moddasi (yo‘l-transport hodisasi joyini tark etish) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Jabrlanuvchining jarohat darajasiga qarab ish ma’muriy yoki jinoyiy tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0