Surxondaryoda ilk bor haydovchi 12 ballik limitdan oshib ketdi
O'zbekistonda yo'l harakati qoidalarini buzganlik uchun joriy etilgan jarima ballari tizimi o'zining dastlabki huquqiy natijalarini ko'rsatmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Yo'l harakati xavfsizligi xizmati ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda birinchi marta haydovchining jarima ballari belgilangan 12 ballik me'yordan oshib ketishi holati qayd etildi. Surxondaryo viloyatida aniqlangan qoidabuzar jami 12,5 ball to'plagan.
Hozirda ushbu shaxs haydovchilik huquqidan mahrum etilish arafasida turibdi. Haydovchining so'zlariga ko'ra, u yangi tizimning ishlashiga avvaliga jiddiy e'tibor qaratmagan.
Endilikda uning ishi sud tartibida ko'rib chiqiladi va u kamida 6 oy muddatga avtomobil boshqarish huquqidan ayrilishi mumkin. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, respublika bo'ylab yana 11 nafar haydovchi xavfli hududda turibdi.
Ularning hisobida 8 balldan 10 ballgacha jarima mavjud. Qoidabuzarlarning 5 nafari Toshkent shahrida, 3 nafari Surxondaryoda, qolganlari esa Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida istiqomat qiladi.
Eslatib o'tamiz, jarima ballarini hisoblash amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 1-iyun 2025 yildan boshlab YHX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar, 1-aprel 2026 yildan esa foto va videoradarlar qayd etgan qoidabuzarliklar ballar tizimiga kiritila boshlangan.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 34-1-moddasiga binoan, bir yil ichida 12 ball to'plagan shaxslar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0