Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Quva tumanida yuz bergan nizoli vaziyat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Voqea joriy yilning 22 may kuni tuman hududidagi Sultonobod mahallasida joylashgan bolalar futbol maydonida kuzatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda fuqaro A.A.
hamda ushbu ishga jalb qilingan mahalladoshlari L.H. va H.A.
o‘rtasida yer maydoni taqsimoti yuzasidan kelishmovchilik kelib chiqqan. Mojaro davomida fuqaro A.A.
mazkur hududda o‘zining 8 metr yer maydoniga nisbatan haqqi borligini da’vo qilib, qarama-qarshilikni kuchaytirgan. Vaziyat keskinlashgach, u jamoat joyiga sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan pichoqni olib chiqqan.
Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan profilaktika inspektorlari nizoni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishdi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan, shuningdek, fuqaro qo‘lidagi pichoq ashyoviy dalil sifatida tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirgi vaqtda fuqaro A.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni mayda bezorilik hamda 185-2-moddasi, ya’ni sovuq qurol yoki shunday ashyolarni olib yurish qoidalarini buzish ayblovi bilan hujjatlar to‘planib, qonuniy chora ko‘rish uchun sud organlariga taqdim etilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0