Xitoylik olimlar karbonat angidriddan aviatsiya yoqilg'isi olish texnologiyasini yaratdi
Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Shanxay istiqbolli tadqiqotlar instituti mutaxassislari karbonat angidrid gazini aviatsiya kerosiniga aylantirishning sanoat usulini ishlab chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur yangilik haqida Ixbt.com nashri ma'lumot berdi. Yangi kashfiyot kaliy va alyuminiy yordamida modifikatsiyalangan temir katalizatoridan foydalanishga asoslangan.
Ushbu texnologiya kimyoviy reaksiyalar jarayonini tezlashtirish bilan birga, uglerod zanjirlarining shakllanishini samarali nazorat qilishga xizmat qiladi. Laboratoriya sharoitida o'tkazilgan tajribalar davomida katalizator 330 daraja haroratda yuqori unumdorlik bilan ishladi.
Qurilma 800 soat davomida o'zining barqarorlik ko'rsatkichlarini va ish xususiyatlarini to'liq saqlab qolgan. Sohaga oid ekspertlarning xulosasiga ko'ra, ushbu metodikani laboratoriya bosqichidan yirik sanoat miqyosiga o'tkazish imkoniyatlari juda yuqori baholanmoqda.
Hozirgi kunda Xitoyda sintetik aviatsiya yoqilg'isini ishlab chiqarishga yo'naltirilgan dastlabki tijorat loyihalari ishga tushirilmoqda. Ushbu texnologiya kelajakda havo transporti sohasida uglerod chiqindilarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0