Sirdaryoda ayol rashk tufayli kundoshi va besh yoshli qizini o'ldirdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Sirdaryoda ayol rashk tufayli kundoshi va besh yoshli qizini o'ldirdiSirdaryoda ayol rashk sababli kundoshi va uning farzandini o'ldirdi

Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida mudhish jinoyat qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov e'lon qilgan ma'lumotlarga ko'ra, 29 aprel kuni soat 17:00 atrofida Amir Temur mahallasida yashovchi ayol va uning sha'riy turmush o'rtog'i o'rtasida rashk tufayli nizo kelib chiqqan. Shundan so'ng ayol onasining uyidan oshxona pichog'ini olib, erining qonuniy oilasi yashaydigan Farhod mahallasidagi xonadonga borgan.

Mazkur xonadonda ayol erining qonuniy rafiqasi va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandiga pichoq bilan og'ir tan jarohatlari yetkazgan. Hujum oqibatida xonadon egasi bo'lgan ayol va uning 5 yoshli qizi voqea joyida halok bo'ldi.

Oilaning 3 yoshli qizi esa og'ir ahvolda shifoxonaga joylashtirildi. Marhumaning yana bir 8 yoshli o'g'li va 20 kunlik chaqalog'i borligi aytilmoqda.

Gumonlanuvchi hodisa joyidan qochib ketgan, biroq huquq-tartibot idoralari tomonidan tezkorlik bilan ushlandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish