Denovda qarz mojarosi sababli sodir etilgan kaltaklanish oqibatida 32 yoshli erkak vafot etdi
Surxondaryo viloyatining Denov shahrida o'lim bilan yakunlangan og'ir jinoyat sodir etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bergan ma'lumotga ko'ra, 27-aprel kuni soat 17:50 atrofida "Bog'ishamol" mahallasi hududidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasi yonida bir guruh shaxslar o'rtasida nizo kelib chiqqan. Hodisaga taraflar o'rtasidagi pul oldi-berdisi sababli yuzaga kelgan eski kelishmovchilik asos bo'lgani aytilmoqda.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko'ra, 1989-yilda tug'ilgan Q.Sh. va uning 1996 hamda 1997-yillarda tug'ilgan uch nafar sherigi ikki fuqaroga hujum qilgan.
Hujum oqibatida 1970-yilda tug'ilgan A.U. va uning 1994-yilda tug'ilgan o'g'li A.A.
ayovsiz kaltaklanib, og'ir tan jarohatlari olgan. Guruh a'zolari jabrlanuvchilarni avtomobilga solib, voqea joyidan olib ketgan.
Shifoxonaga og'ir ahvolda olib borilgan 32 yoshli A.A. ko'rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 28-aprel kuni vafot etdi.
Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko'ra, uning olgan jarohatlari hayot uchun o'ta xavfli bo'lgan. Mazkur holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan ish qo'zg'atilgan edi.
Jabrlanuvchi vafot etgani sababli jinoyat ishi og'irroq moddaga qayta malakalandi. Hozirda mazkur jinoyatga aloqador to'rt nafar shaxs hibsga olingan.
IIV organlari tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0