Chirchiqda jamoat tartibini buzgan uyushgan guruh qo'lga olindi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida jamoat xavfsizligiga xavf solib kelgan shaxslar faoliyatiga chek qo'yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida bezorilik va qonunbuzarlik harakatlarini sodir etgan bir guruh shaxslar ushlandi. Mazkur operatsiya uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish doirasida amalga oshirilib, natijada ko'cha muhitida tartibsizliklar keltirib chiqargan shaxslar fosh etildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Qo'lga olinganlar orasida muqaddam sudlangan shaxslar borligi aniqlandi.
Xususan, 1988 yil Buxoro viloyatida tug'ilgan Ikrom Saidov muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan, 1990 yil Buxoro viloyatida tug'ilgan Islom Saidov esa 267-modda bilan javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, guruh tarkibida Umidjon Baizbayev (1998 yil, Toshkent viloyati), A'zamjon Rustamov (2001 yil, Buxoro viloyati), Qurbonali Suponov (2002 yil, Navoiy viloyati) va Mirzoxid Farmonov (1988 yil, Qashqadaryo viloyati) borligi ma'lum qilindi.
Tergov hujjatlariga ko'ra, guruh a'zolari jamoat tartibini ochiqchasiga buzib, fuqarolarga ruhiy bosim o'tkazish va qo'rqitish yo'li bilan noqonuniy daromad orttirib kelgan. Ayrim holatlarda jabrlanuvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani ta'kidlanmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu shaxslarning harakatlaridan zarar ko'rgan fuqarolarni DXXning 1520 yoki IIVning 102 qisqa raqamlariga murojaat qilishga chaqiradi. Chirchiq shahrida jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.