Chirchiqda zararli dasturlar sotgan 19 yoshli yigit ushlandi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Chirchiqda zararli dasturlar sotgan 19 yoshli yigit ushlandiChirchiqda zararli dasturlar savdosi bilan shug'ullangan yigit ushlandi

O'zbekistonda kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi navbatdagi jinoiy faoliyatga chek qo'yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Toshkent shahar IIBB hamda «Kiberxavfsizlik markazi» mutaxassislari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir natijasida Telegram orqali zararli «APK» dasturlarini tarqatgan shaxs fosh etildi. Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi, 2005 yilda tug'ilgan fuqaro o'zi yaratgan maxsus dasturlarni internetda savdoga qo'yganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi ushbu fayllarni 100 000 so'mdan 300 000 so'mgacha bo'lgan narxlarda kamida 10 nafar mijozga sotgan. U nafaqat dastur savdosi bilan shug'ullangan, balki xaridorlarga boshqa shaxslarning akkauntlariga kirish va ma'lumotlarni o'g'irlash bo'yicha texnik maslahatlar ham berib borgan.

Mutaxassislar xulosasiga ko'ra, mazkur dasturlar Telegram akkauntlarini nazorat qilish, SMS-xabarlarni o'qish va to'lov tizimlaridagi mablag'larni o'zlashtirish imkonini bergan. Tekshiruv davomida yigit Telegramda 5 tadan ortiq guruh va kanallarni boshqarib, o'zining noqonuniy xizmatlarini reklama qilgani ma'lum bo'ldi.

Tadbir davomida undan «Asus ExpertBook» noutbuki, «Redmi Note 10 Pro» smartfoni, tashqi qattiq disk va bank kartalari ashyoviy dalil sifatida olib qo'yildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni shaxsiy ma'lumotlar xavfsizligiga e'tiborli bo'lishga va shubhali fayllarni yuklab olmaslikka chaqirdi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish