Toyloqda ikki nafar voyaga yetmagan qizga nisbatan zo'ravonlik sodir etildi
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida ikki nafar voyaga yetmagan qizga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o'tkazilgani aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bolalar ombudsmani xizmati bergan ma'lumotga ko'ra, 21 aprel kuni tuman ichki ishlar bo'limi tomonidan mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan. Aniqlanishicha, Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S.
o'zining vaqtincha vasiyligida bo'lgan 2017 yilda tug'ilgan B.M. va 2019 yilda tug'ilgan B.D.
ismli qizlarga tazyiq o'tkazib kelgan. Vasiy bolalarning xorijda bo'lgan onasi D.M.dan pul talab qilish maqsadida voyaga yetmaganlarga nisbatan zo'ravonlik ishlatgan va ushbu jarayonlarni videotasvirga olgan.
Bolalar ombudsmanining mintaqaviy vakili vaziyatni joyida o'rganib, bolalar xavfsizligini ta'minlash choralarini ko'rdi. "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi mas'ullari M.S.ni vasiylik huquqidan mahrum qildi.
Hozirda qizlarning tan jarohatlari darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, bolalarning ruhiy holatini tiklash uchun mutaxassis psixolog jalb etildi.
Ayni paytda voyaga yetmagan qizlar tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi hamda yashash hududidagi ta'lim muassasalariga biriktirildi. Shu bilan birga, bolalarning xorijda istiqomat qilayotgan onasining ota-onalik majburiyatlarini bajarish darajasi ham o'rganilmoqda.
Holat bo'yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.