
Milliy ligalar uchun xorijda o'yin o'tkazishga ruxsat berilishi mumkin Milliy futbol ligalariga tez orada o'z chempionati o'yinlarini mamlakat tashqarisida o'tkazishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
The Guardian nashri xabariga ko'ra, bunday uchrashuvlar har bir liga uchun bir mavsumda faqat bir martadan ko'p bo'lmagan miqdorda belgilanishi mumkin. FIFA ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan yangi protokolga muvofiq, xorijiy ligalar o'yinlarini qabul qiluvchi davlatlar uchun ham cheklovlar o'rnatiladi.
Xususan, bitta mamlakat bir mavsum davomida boshqa chempionatlarga tegishli bo'lgan ko'pi bilan 5 ta uchrashuvga mezbonlik qilishi mumkin. Ushbu hujjat mazkur masaladagi noaniqliklarga chek qo'yish va jarayonni tartibga solish maqsadida tayyorlangan.
Avvalroq Ispaniyaning "La Liga" hamda Italiyaning "Seriya A" rahbariyati rasmiy o'yinlarni AQSh va Avstraliya hududida o'tkazishni rejalashtirgan edi. Biroq jamoatchilik va ishqibozlarning keskin noroziliklaridan so'ng ushbu loyihalar to'xtatilgan edi.
Yangi tartibga ko'ra, rasmiy o'yinni boshqa davlatga ko'chirish bo'yicha har qanday so'rov barcha manfaatdor tomonlarning roziligi bilan ko'rib chiqiladi. Bunda FIFA yakuniy qaror qabul qilish va veto qo'yish huquqini o'zida saqlab qoladi.
Mazkur qoidalar kelgusi mavsumdan boshlab kuchga kirishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.