Toyloq tumanida ikki nafar voyaga yetmagan qizga nisbatan zo'ravonlik qilindi
Samarqand viloyati Toyloq tumanida 2017 va 2019 yillarda tug'ilgan ikki nafar qizga nisbatan tazyiq o'tkazilgani aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, fuqaro M.S. o'z qaramog'idagi ushbu bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy bosim o'tkazib, jarayonni videoga olgan.
Ayolning asosiy maqsadi bolalarning xorijda bo'lgan onasidan pul undirish bo'lgani aytilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmanining hududiy vakili o'rganish ishlarini olib bordi va voyaga yetmaganlarni himoya qilish choralarini ko'rdi.
Hozirda tuman ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, vasiylik va homiylik organi qarori bilan M.S.
vasiylik huquqidan mahrum qilindi. Qizlarga yetkazilgan jarohat darajasini belgilash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Jabrlanuvchilarning ruhiy holatini barqarorlashtirish uchun psixologlar jalb etildi. Hozirda bolalar oilaviy bolalar uyiga joylashtirilib, ta'lim muassasalariga rasmiylashtirildi.
Mutaxassislar bolalarning xorijdagi onasi o'z majburiyatlarini qanchalik bajarayotganini ham tekshirmoqda.