Rossiya olimlari Apofis asteroidini o'rganish bo'yicha reja ishlab chiqdi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Rossiya olimlari Apofis asteroidini o'rganish bo'yicha reja ishlab chiqdiRossiyalik olimlar Apofis asteroidini tadqiq qilish uchun «Spektr-RG» observatoriyasidan foydalanishni taklif qildi

Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti hamda Samara universiteti mutaxassislari Apofis asteroidini o'rganish bo'yicha yangi loyihani taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Tadqiqotchilar 2029 yil aprel oyida Yerga yaqin masofadan o'tadigan mazkur osmon jismini kuzatishda «Spektr-RG» kosmik observatoriyasidan foydalanishni maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda. Ixbt.com nashrining yozishicha, ushbu yondashuv yangi sayyoralararo apparat yaratish uchun sarflanadigan xarajatlarni sezilarli darajada tejash imkonini beradi.

Hisob-kitoblarga ko'ra, Apofis asteroidi 2029 yilda sayyoramizdan taxminan 30 000 km masofada uchib o'tadi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan eng maqbul ssenariyga binoan, qurilmani 2028 yil 13-sentabr kuni parvozga yo'naltirish talab etiladi.

Rejalashtirilgan manyovrlar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, apparat 2029 yil 13-aprel kuni asteroid markazidan 18 000 km masofada o'tishi va zarur ma'lumotlarni to'plashi mumkin. Loyiha mualliflarining qayd etishicha, observatoriya missiyani yakunlab, ma'lumotlarni Yerga uzatganidan so'ng qayta o'zining asosiy ilmiy faoliyatiga qaytish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Mutaxassislar asteroidga bir necha yuz kilometrgacha yaqinlashish variantini ham ko'rib chiqqan, biroq bu trayektoriyaga murakkab tuzatishlar kiritish va ko'p miqdorda yoqilg'i sarflashni talab qiladi. Mavjud texnikadan foydalanish esa iqtisodiy jihatdan eng samarali yo'l sifatida baholanmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish