Virgin Galactic kompaniyasi qariyb bir yillik tanaffusdan so‘ng o‘zining VSS Unity kosmoplanini qayta parvozga chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Nyu-Meksiko shtatidagi Spaceport America bazasidan ko‘tarilgan apparat belgilangan reja bo‘yicha parvozni amalga oshirib, uchish-qo‘nish yo‘lagiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Ixbt.com nashrining yozishicha, bu Unity uchun 2024-yil iyun oyidan beri qayd etilgan ilk parvoz hisoblanadi.
O‘sha vaqtda mazkur qurilma o‘zining so‘nggi tijoriy suborbital missiyasini yakunlagan va kompaniya resurslarni yangi avlod SpaceShip kemalarini ishlab chiqishga qaratish maqsadida uni foydalanishdan vaqtincha to‘xtatgan edi. Hozirgi kunda Unity yangi vazifa — uchuvchilarni tayyorlash uchun trenajyor vazifasini bajarmoqda.
Kosmoplan turistlar o‘rniga kompaniya uchuvchilarini tashib, ularga kelgusi kema sinovlari oldidan real parvoz sharoitlarida mashq qilish imkonini beradi. Virgin Galactic rahbariyati Unityʼning texnik xususiyatlari, xususan, energiyani boshqarish tizimi bo‘lajak SpaceShip modellariga juda yaqin ekanligini ta’kidlaydi.
Kompaniyaning koinot bo‘limi prezidenti Mike Mosesning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi amaliy parvozlar ekipaj va yer usti xizmatlarini simulyatorlardan ko‘ra samaraliroq tayyorlashga xizmat qiladi. Ushbu qadam yangi apparatni ishlab chiqish dasturining yakuniy bosqichi bilan uzviy bog‘liq.
Virgin Galactic birinchi SpaceShip kemasining parvoz sinovlarini 2026-yilning uchinchi choragida boshlashni rejalashtirmoqda. Dastlab dvigatelni yoqmasdan amalga oshiriladigan parvozlar, keyinchalik raketa tezlatgichi yordamida davom ettiriladi.
Kompaniya bosh direktori Michael Colglazier yangi kema sinovlari avvalgi tajribalarga qaraganda ancha tezkorlik bilan o‘tishi kerakligini ta’kidlagan. Virgin Galactic uchun bu samaraliroq va arzonroq texnologiyalarni joriy etish orqali kosmik turizm biznesini qayta tiklash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0