Vinisius: «Real Madrid» yana cho'qqiga qaytishiga ishonaman

Aziz Karimov1 daqiqalik o'qish

Vinisius: «Real Madrid» yana cho'qqiga qaytishiga ishonaman
Vinisius: «Real Madrid» yana cho'qqiga qaytishiga ishonaman»

«Real Madrid» hujumchisi Vinisius «Espanyol» ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng (2:0) o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Mazkur uchrashuvda 25 yoshli futbolchi dubl qayd etib, bahsning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi. Madridliklarning ushbu g'alabasi «Barselona»ning muddatidan oldin chempion bo'lishini kamida bir haftaga kechiktirdi.

Braziliyalik hujumchi jamoaning hozirgi holati va kelajakdagi maqsadlari haqida to'xtalib o'tdi. Vinisiusning ta'kidlashicha, joriy mavsum jamoa kutganidek o'tmadi, biroq tarkib tushkunlikka tushmasligi lozim.

Futbolchi qolgan o'yinlardan unumli foydalanib, keyingi mavsumga yuqori sport formasida tayyorgarlik ko'rish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u «Real Madrid» har doim bo'lishi kerak bo'lgan cho'qqiga albatta qaytishiga ishonch bildirdi.

Ma'lumot uchun, 10-may kuni madridliklar «Kamp Nou» stadionida «Barselona» mehmoni bo'lishadi. Agar ushbu bahsda kataloniyaliklar g'alaba qozonsa yoki durang qayd etsa, ular muddatidan oldin Ispaniya chempionligini qo'lga kiritishadi.

Hozirda ikki jamoa o'rtasidagi raqobat turnir jadvalida keskin tus olgan bo'lib, bo'lajak uchrashuv chempionlik taqdirini hal qilishi kutilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish