
Milan shahri sharafini himoya qiluvchi «Inter» klubi A Seriyaning 35-turida «Parma» jamoasini mag'lub etib (2:0), muddatidan oldin skudettoni qo'lga kiritdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
«Neradzurrilar» o'tgan yozda Simone Inzagi o'rniga bosh murabbiy etib tayinlangan Kristian Kivu qo'l ostidagi ilk mavsumdayoq chempionlikka erishdi. Jamoa sardori Lautaro Martines ushbu muvaffaqiyatda murabbiyning xizmatlarini alohida e'tirof etdi.
«Kivu o'zi bilan yangi energiya va ishtiyoq olib keldi. Biz Inzagi bilan to'rt yil davomida ajoyib natijalarga erishgan edik, biroq jamoaga muhitni o'zgartirish kerak bo'lgan ko'rinadi.
Kristian Chempionlar ligasining boy berilgan finalidan so'ng jamoaga keldi va barchamizni yangi kuch bilan ruhlantira oldi. U bizga futbol o'ynash zavqini qaytardi, bu hatto mashg'ulotlarda ham sezilib turdi», — deya ta'kidladi argentinalik hujumchi DAZN nashriga bergan intervyusida.
Hozirgi vaqtda «Inter» turnir jadvalida eng yaqin ta'qibchisi «Napoli» klubidan 12 ochkoga o'zib ketgan. Chempionat yakunlanishiga uch tur qolganida milanliklarni quvib o'tish imkoniyati qolmagani sababli, jamoa rasman g'olib deb e'lon qilindi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0