
«Real Madrid» jamoasi navbatdagi muvaffaqiyatsiz uchrashuvini o'tkazdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Alvaro Arbeloa shogirdlari «Betis»ga qarshi bahsda kutilgan o'yinni namoyish eta olmadi. Jamoaning aksariyat yetakchilari, xususan, qanotda Abde tomonidan qiyin ahvolga solingan Aleksander-Arnold, maydon markazida tartibsiz harakat qilgan Bellingem va himoyada ishonchsiz o'ynagan Rudiger tanqidlar markazida qoldi.
Shunga qaramay, «qirollik klubi» tarkibida o'zini ko'rsata olgan bir necha futbolchilarni ajratib ko'rsatish mumkin. Mutaxassislar tomonidan o'n ballik tizimda baholangan eng yaxshi o'yinchilar ro'yxati e'lon qilindi.
Darvozabon Andrey Lunin 8,0 ball bilan o'yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Garchi «Betis» so'nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirgan bo'lsa-da, Luninning mahorati bo'lmaganida «Real Madrid» tanaffusgacha uchta gol o'tkazib yuborishi mumkin edi.
U Antoni, Bakambu va Fornalsning xavfli zarbalarini qaytarishga muvaffaq bo'ldi. Himoyachi Din Xyoysen 7,5 ballga loyiq ko'rildi.
U mudofaa chizig'idagi yagona ishonchli bo'g'in bo'lib, raqib hujumchilarini to'xtatishda faollik ko'rsatdi va havodagi kurashlarning deyarli barchasida g'alaba qozondi. Federiko Valverde va Vinisius ham 7,5 ball bilan taqdirlandi.
Valverdening uzoqdan yo'llagan zarbasi goldan oldingi vaziyatni yuzaga keltirgan bo'lsa, Vinisius jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. Braziliyalik hujumchi uchrashuv davomida «Betis» himoyasiga eng ko'p xavf tug'dirgan futbolchi bo'ldi.