
"Manchester Yunayted" hujumkor yarim himoyachisi Brunu Fernandesh faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Jurnalist Florian Plettenbergning xabar berishicha, Portugaliya terma jamoasi a'zosiga "Galatasaroy" klubi tomonidan yana qiziqish bildirilmoqda. Manbaga ko'ra, Turkiya klubi rahbariyati ehtimoliy transfer shartlarini muhokama qilish uchun futbolchining vakillari bilan bog'lanishni rejalashtirgan.
Biroq "Galatasaroy" mutasaddilari kelishuvning muvaffaqiyatli yakunlanishiga shubha bilan qaramoqda. Bunga "Manchester Yunayted" jamoasining kelasi mavsum uchun Chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritgani asosiy sabab sifatida ko'rsatilgan.
Eslatib o'tamiz, turk klubi portugaliyalik yarim himoyachini qishki transfer oynasida ham o'z safiga qo'shib olishga harakat qilgan edi. Joriy mavsumda "Manchester Yunayted" sardori yuqori natijadorlik ko'rsatmoqda.
U barcha turnirlar doirasida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, "gol+pas" tizimida 29 ochko jamg'ardi. Fernandesh hisobida 8 ta gol va 21 ta golli uzatma mavjud.
Ma'lumot uchun, futbolchining ingliz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilga qadar imzolangan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0