
«Yuventus» Konseysauning o'rniga Grinvudni tarkibga qo'shib olmoqchi
Turinning «Yuventus» klubi yozgi transfer oynasida jamoani tark etishi kutilayotgan portugaliyalik vinger Fransishku Konseysau o'rniga munosib nomzod izlamoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, italiyaliklar ayni damda Fransiyaning «Marsel» klubida to'p surayotgan angliyalik vinger Meyson Grinvudni o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, «Yuventus» rahbariyati Konseysauning jamoadagi kelajagi so'roq ostida turgani sababli hujum chizig'ini kuchaytirish choralarini ko'rmoqda.
Grinvudning provansalliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil iyun oyi oxirigacha mo'ljallangan bo'lsa-da, Turin klubi futbolchi uchun kurashga kirishishga tayyor. Hozirgi vaqtda Meyson Grinvudning transfer qiymati 55 mln yevroga baholanmoqda.
Angliyalik futbolchi Fransiya chempionatining joriy mavsumida yuqori natijadorlik namoyish etmoqda. U 1-ligada jami 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 15 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
Uning bunday yorqin o'yini «Yuventus» mutasaddilarining e'tiborini tortgan va yozda rasmiy taklif tayyorlanishi kutilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0